O‘zbekistonda – $5 millionlik sarmoya bilan ilk xususiy venchur fond ishga tushirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qatarda faoliyat yuritayotgan venchur kapitalist Tohir Mirzajonov hamda O‘zbekistonning yetakchi venchur studiyasi - “Startup Garage” asoschisi Muhammad Xalil “Imkon Ventures” nomli yangi xususiy venchur fondni rasman ishga tushirdi. Ushbu fond O‘zbekistonda yuqori o‘sish salohiyatiga ega startaplarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, umumiy hajmi $5 millionni tashkil etadi va bu tashabbus orqali O‘zbekistonda mingdan ortiq yuqori malakali ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Imkon Ventures fondi moliyaviy texnologiyalar (fintech), sun’iy intellekt (AI), B2B SaaS va chuqur texnologiyalar (deep tech) yo‘nalishlarida innovatsion g‘oyalarga ega bo‘lgan asoschilarga sarmoya kiritishni maqsad qilgan. Fond pre-seed va seed bosqichidagi investitsiyalarga e’tibor qaratgan bo‘lib, u MENA (Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika) hamda Markaziy Osiyo mintaqalari o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarishni maqsad qilgan. Bu esa startaplarga mintaqaviy miqyosda kengayish va transchegaraviy o‘sish imkonini beradi.
Jamg‘armaning ishga tushirilgani Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) tomonidan tashkil etilga Kichik va o‘rta biznes (SME) bo‘yicha konferensiyasida e’lon qilindi, bu esa uni xalqaro sarmoyadorlar (LPs) vamoliyaviy institutlar diqqat markaziga olib chiqdi.
Jamg‘arma keyingi ikki yil ichida 25–30 ta startapga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Har bir investitsiya miqdori 50 mingdan 150 ming dollargacha bo‘lib, eng muvaffaqiyatlikompaniyalar uchun qo‘shimcha sarmoya ajratilishi ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan UzVC – Fund of Funds (Fondlar fondi) asosiy investor sifatida ishtirok etdi. Bu bozorga kuchli institutsional signal beradi va boshqa sarmoyadorlarni jalb etishga xizmat qiladi.
«O‘zbekistonning o‘sishi va salohiyati nihayat global miqyosda munosib e’tirofga sazovor bo‘lmoqda. Menimcha, endi yosh va maqsadlari ulkan aholimizga sarmoya kiritish vaqti keldi. MENA mintaqasida o‘n yildan ortiq vaqt faoliyat yuritganman va ushbu iqtisodiy maydonlarda kuchli sinergiyalar borligini ko‘ryapman. Imkon Ventures esa ushbu iqtisodiy maydonlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaradi», — dedi Tohir.
«O‘zbekistonlik tadbirkorlar ulkan yutuqlarga erishishga tayyor», — dedi “Imkon Ventures” ning bosh hamkori Muhammad Xalil. «Edtech sohasidagi ilk faoliyatimdan boshlab, Startup Garage orqali bir nechta startaplarni ishga tushirgunimga qadar men yurtimizda mavjud iste’dod va intiluvchanlikka doimiy guvoh bo‘lib kelmoqdaman. Har kuni yangi va ulkan salohiyatga ega g‘oyalar paydo bo‘lmoqda. Endi ularni global darajaga olib chiqish va xalqaro investitsiyalarni yurtimizga jalb qilish vaqti keldi»
Ushbu tashabbus 2030-yilgacha O‘zbekistonda 1000 dan ortiq yuqori malakali ish o‘rinlari yaratishni va raqamli infratuzilmani rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan. Uzoq muddatli maqsadlar qatoriga O‘zbekistondan qiymati 1 milliard dollardan ortiq bo‘lgan startaplar yaratish va mamlakatning mintaqaviy innovatsion iqtisodiyotga qo‘shgan hissasini oshirish kiradi.
Imkon Ventures —Tohir Mirzajonov va Muhammad Xalil tomonidan asos solingan dastlabki bosqichdagi venchur fond bo‘lib, O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va MENA mintaqalarida faoliyat yuritayotgan innovatsion startaplarga sarmoya kiritadi. gan innovatsion startaplarga sarmoya kiritadi. Fond venchur studiyalar va institutsional investorlar bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lib, nafaqat moliyaviy ko‘mak, balki strategik yo‘nalish va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini ham taqdim etadi.