O‘zbekistonda 2026 yilgacha qariyb 3 mingta mikroGES quriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda mikrogidroelektrostansiyalar (mikroGES) tarmog‘ini rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti “Respublika hududlarida mikrogidroelektrostansiyalar tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Hujjatga muvofiq, 2025–2026 yillarda mamlakat hududlarida umumiy quvvati 164 MVt bo‘lgan 2 983 ta mikroGES qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu stansiyalar yiliga 500 million kVt·soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda, bu esa 280 ming nafar aholini elektr energiyasi bilan taʼminlash imkonini beradi.
Qurilish bosqichida 1 200 ta vaqtinchalik ish o‘rni yaratiladi, stansiyalar ishga tushirilgandan so‘ng esa 520 ta doimiy ish o‘rni paydo bo‘ladi.
2025 yil 1 mayga qadar loyiha hujjatlari asosida mikroGES qurilishi uchun tanlab olingan yer uchastkalari Energetika vazirligiga beriladi. Vazirlik esa ushbu yerlarni loyiha tashabbuskorlariga 20 yil muddatga ijaraga taqdim etadi.
Kichik va mikroGESlar sohasidagi dasturlarni amalga oshirishni muvofiqlashtirish uchun maxsus loyiha guruhi tashkil etiladi.