O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi innovatsiyalar, ekologiya va transport sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik, investitsiya tashabbuslari va barqaror rivojlanishga oid muhim jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.
O‘z nutqida u iqtisodiyot va infratuzilmani rivojlantirishdagi hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, O‘zbekistonning YEI bilan munosabatlarni yana-da mustahkamlashga intilishini alohida taʼkidladi.
Sammitda muhokama etilgan markaziy masalalardan biri Markaziy Osiyoning jahon iqtisodiyotidagi o‘rni bo‘ldi. Prezident taʼkidlashicha, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) mutaxassislarining fikriga ko‘ra, mintaqaning yalpi ichki mahsulot o‘sishi 6 foizni tashkil etadi, bu esa boshqa mintaqa ko‘rsatkichlaridan ancha yuqori. Bu islohotlar samaradorligi va xalqaro jarayonlarda faol ishtirokni tasdiqlaydi.
«So‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Markaziy Osiyo davlatlarining YEI bilan savdo aylanmasi yetti yilda bir necha barobar oshib, 54 milliard yevroga yetdi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston YEI hamkorlari bilan yangi tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Ular orasida iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent investitsiya forumi ham bor.
YETTB bilan hamkorlikda tashkil etiladigan ushbu forumda yetakchi Yevropa kompaniya va banklari ishtirokida jami 30 milliard yevrodan ortiq loyihalar portfeli taqdim etiladi.
Shavkat Mirziyoyev mintaqadagi sanoat va innovatsion ekotizim samarali faoliyat ko‘rsatishi muhimligini qayd etib, “TOTAL”, “Siemens”, “Linde” va “Airbus” kabi yirik Yevropa korporatsiyalari O‘zbekiston va boshqa mintaqaviy mamlakatlarda muvaffaqiyatli ish olib borayotganini taʼkidladi.
Prezident taʼkidlaganidek, ushbu kompaniyalar infratuzilma, texnologiyalar va ekologik toza ishlab chiqarishni rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda.
Sammit doirasida Toshkentda Yevropa investitsiya bankining (YEIB) ofisini ochish ham muhim voqelik sifatida qayd etildi. Prezidentning fikricha, bu markaziy osiyo miqyosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Prezident “yashil” energetika, innovatsiyalar va infratuzilmaga investitsiyalarni kengaytirish, barqaror iqtisodiy o‘sish uchun qulay sharoitlar yaratish zarurligini ham alohida taʼkidladi.
«Biz Yevropa hamkorlaridan mintaqaviy miqyosdagi “yashil” energetika, innovatsiyalar, transport, infratuzilma va qishloq xo‘jaligi sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirish uchun Investitsiya platformasini tashkil etishda qo‘llab-quvvatlashlarini kutamiz», — dedi u. «Asosiy maqsad — mintaqada hayot sifati yaxshilanishi uchun uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir».
Shavkat Mirziyoyev transport yo‘laklarini rivojlantirish va Yevropa Ittifoqi bilan bog‘lovchi tizimli logistika infratuzilmasini shakllantirish ham alohida ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, samarali transport koridorlarining yetishmasligi — mahsulotlarni Yevropa bozorlariga yetkazib berishdagi asosiy to‘siqlardan biri hisoblanadi.
Shu munosabat bilan u YEI homiyligida muhim tranzit davlatlar transport vazirlarining uchrashuvini o‘tkazishni taklif qildi. Uchrashuvning maqsadi — Transkaspiy transport koridorini kengaytirish va undan foydalanish bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat.
Bundan tashqari, Prezident qayta tiklanadigan energiya manbalari (QTEM)ni rivojlantirish O‘zbekistonning strategik ustuvor yo‘nalishi ekanini taʼkidladi. «2030 yilgacha mamlakatimiz energiya balansda QTEM ulushini 54 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda», — dedi u. Ushbu reja doirasida yangi quvvatlarni yaratish bilan bir qatorda, uglerod kreditlari bozori rivojlantiriladi va energetika sohasida ekologik xavfsiz texnologiyalar joriy etiladi.
Hamkorlikning yana bir muhim jihati — kichik va o‘rta biznesni, ayniqsa, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashdir. Prezident taʼkidlashicha, O‘zbekiston YEI bilan birgalikda ushbu sohada qo‘shma dasturni amalga oshirishga tayyor. Shuningdek, “Markaziy Osiyo – YEI” Savdo-sanoat palatasini tashkil etish taklif etildi. U xususiy sektor integratsiyasi va faol biznes rivojlanishiga xizmat qiladi.
Shavkat Mirziyoyev ishonch bilan taʼkidladiki, ushbu asosiy yo‘nalishlarda Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni chuqurlashtirish barcha tomonlar uchun katta foyda keltiradi va strategik sheriklikni yana-da mustahkamlash uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
#Shavkat Mirziyoyev