O‘zbekiston va Yaponiya mehnat migratsiyasi uchun yapon tilini o‘qitish sohasida hamkorlikni kengaytiradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yaponiyada ishlashni xohlagan fuqarolar uchun O‘zbekistonda yapon tilini o‘rganish imkoniyatlari kengaytiriladi.
Bu masala O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya masalalari agentligi va Yaponiyaning Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) rahbariyati o‘rtasidagi muzokaralar davomida muhokama qilingan asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.
Tomonlar Japan Career Portal platformasi faoliyati bo‘yicha hozirgi natijalarni ijobiy baholadilar. Mazkur platforma ikki tashkilot hamkorligidagi qo‘shma loyiha doirasida yaratilgan bo‘lib, u ish izlovchilarni qo‘llab-quvvatlashda samarali vosita sifatida o‘zini namoyon qilgan.
Yaqin vaqt ichida ushbu resursda yapon tilini o‘rganish va imtihonlarga tayyorgarlik bo‘yicha yangi bo‘limlar ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Bu orqali foydalanuvchilar masofaviy tarzda til ko‘nikmalarini egallash va Yaponiyada mehnat faoliyatiga maqsadli tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.