Valyuta kurslari 26/06/2025
$1 – 12531.78
UZS – 0,61%
€1 – 14538.12
UZS – 0,53%
₽1 – 159.82
UZS – 0,92%
Qidirish
O‘zbekiston 29/03/2025 O‘zbekiston va Xitoy parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirmoqda

O‘zbekiston va Xitoy parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 29-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilovning Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi xalqaro bo‘limi mudiri Lyu Szyanchao boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda keyingi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ikki tomonlama aloqalarning barcha yo‘nalishlarida o‘zaro munosabatlar faollashib, ko‘p tomonlama muloqotlar mustahkamlanib borayotgani, mamlakatlarimiz mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani alohida e’tirof etildi. Ayniqsa, ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpinning qat’iy siyosiy irodalari, oliy darajadagi uchrashuvlari tufayli O‘zbekiston — Xitoy hamkorlik munosabatlari keng ko‘lamli ahamiyat kasb etib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi, turli sohalardagi munosabatlar yangi bosqichga chiqdi.

Uchrashuvda delegatsiya a’zolariga “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, uning doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlar hamda Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

O‘z navbatida, Lyu Szyanchao ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi ishonchli muloqotlari va keng ko‘lamli aloqalari O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining butun spektrini rivojlantirishga turtki bo‘layotganini ta’kidlab, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan barcha sohada amalga oshirilayotgan jadal islohotlar ulkan natijalar berayotganini yuqori baholadi.

Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sayotgani, salohiyatli investorlarning keng e’tibori O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar juda puxta o‘ylanganidan dalolat ekani alohida qayd etildi.

Konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda parlamentlararo aloqalarini rivojlantirish, qonun ijodkorligi sohasida o‘zaro tajriba almashish, ikki tomonlama munosabatlar dinamikasini boyitishga qaratilgan aniq yo‘nalish va takliflarni ishlab chiqish maqsadida “aql markazlari” o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot chog‘ida sanoat hududlarini yaratish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, raqamlashtirish sohasida aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha so‘z yuritildi.

Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling