O‘zbekiston va Vengriya: Kartoshkachilikda ishonchli hamkorlikning yangi sahifasi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Vengriyaga rasmiy tashrifi doirasida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Budapesht shahrida bo'lib turibdi.
Tashrif doirasida qator hamkorlik uchrashuvlari o'tkazilmoqda. Jumaladan, vazir Vengriya tabiiy fanlar va qishloq xo‘jaligi universiteti professori, sohada xalqaro darajada tan olingan mutaxassis Jolt Polgar bilan bo‘lgan uchrashuvda O‘zbekistonda kartoshkachilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan yangi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda kartoshkachilik markazi faoliyatini rivojlantirish, ilm-fan va amaliyotni uyg‘unlashtirish orqali erishiladigan istiqbollar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Hungarian Potato Innovation LTD kompaniyasi rahbari bilan ham ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.
Muzokaralar davomida mamlakatimizda kartoshkachilik yo‘nalishini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha bir qator aniq takliflar o‘rtaga tashlandi.
Binobarin, elita navli kartoshka turlarini yetishtirish bo‘yicha qo‘shma faoliyatni yo‘lga qo‘yish, seleksiya va urug‘chilik tizimini xalqaro standartlar asosida modernizatsiya qilish, shuningdek, O‘zbekistonda “Kartoshkachilik korporatsiyasi”ni tuzish tashabbuslari muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida Vengriya tomonining ushbu sohadagi boy tajribasi va innovatsion yondashuvlari O‘zbekiston uchun nihoyatda muhim ekani alohida ta’kidlandi.
Hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ilg‘or texnologiyalar va bilimlarni jalb etish orqali yurtimiz kartoshkachilik salohiyatini oshirish ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.