O‘zbekiston va Turkiyaning yana ikki shahri birodarlik maqomini oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiyada hokimlar malakasini oshirish dasturida ishtirok etmoqda.
Uning tarkibiga Turk dunyosi munitsipalitetlari ittifoqi a'zolari bo‘lgan Samarqand, Navoiy, Farg‘ona, Shahrisabz va Yangi Namangan tumanlari hokimlari kiritilgan. Delegatsiyaga "Yuksalish" harakati raisi, O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Bobur Bekmurodov rahbarlik qilmoqda.
Turk dunyosi munitsipalitetlari ittifoqi (TDBB) 2003-yil 12-noyabrda shahar boshqaruvi sohasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tashkil etilgan. Tarixiy, madaniy va geografik aloqalar bilan bog‘langan turkiy tilli davlatlar va hududlarni birlashtirgan bu tashkilot mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirmoqda. TDBB tarkibiga 30 mamlakatdan taxminan 1200 munitsipalitet kiradi.
Tashrif doirasida Shahrisabz hokimi Sherzod Bo‘riyev va Pendik shahri meri Ahmet Jin Shahrisabz (O‘zbekiston) va Pendik (Turkiya) o‘rtasida birodarlik shaharlari maqomida hamkorlik to‘g‘risida protokol imzoladi. Ushbu hujjat ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirishga yo‘naltirilgan.
Unga binoan tomonlar iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar va sport, turizm, tarixiy va madaniy merosni asrash, ekologiya, energetika, madaniyat va san’at, axborot texnologiyalari hamda transport sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Samarqand va Konya, shuningdek, Navoiy va Zeytinburnu birodarlik shaharlariga aylangan edi. Shuningdek, Seljuklu va Gebzeda loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi hamda qator uchrashuvlar tashkil qilindi.
Dastur tajriba almashish, shahar infratuzilmasini rivojlantirish, iqtisodiy o‘sish va shahar resurslaridan samarali foydalanishning zamonaviy usullarini o‘rganish imkonini berdi. Ular kelajakda O‘zbekiston hududlarida ham tatbiq etilishi mumkin. Bundan tashqari, ushbu tashrif ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va ikki davlat shaharlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, investorlar va biznes doiralari bilan hamkorlik o‘rnatish imkoniyati yangi loyihalar va texnologiyalarni jalb qilish sharoitini yaratadi.