O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi o'zaro savdo aylanmasi hajmi 5 milliard dollarga yetkaziladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston elchisi Ilhom Haydarov Turkiya savdo vaziri O'mer Bolat bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar 2024-yil yakuniga ko'ra, mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro savdo aylanmasi 3 milliard AQSh dollariga yetganini ta'kidlash barobarida, kelgusi 2 yil ichida ushbu ko'rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish bo'yicha barcha chora-tadbirlarni ishga solish zarurligini ta'kidladilar.
"Belgilangan ko'rsatkichlarga erishish uchun yangi zaxira va imkoniyatlar mavjud. O'zbekiston va Turkiya tashqi savdodagi tovar nomenklaturasi o'zaro o'xshash hamda ishlab chiqariladigan mahsulotlar xorijda birdek raqobatbardosh. Turkiya Pokiston, Ozarbayjon va Eron bilan bir qatorda O'zbekiston bilan ham Imtiyozli savdo bitimi imzolagan. Mazkur hujjat imkoniyatlaridan foydalanish orqali belgilangan rejalarga erishamiz",- dedi Turkiya savdo vaziri O'mer Bolat.
Uchrashuvda, shuningdek, mahalliy eksportchi korxonalar duch kelayotgan to'siqlar, jumladan elektrotexnika, to'qimachilik, kabel-o'tkazgich mahsulotlariga nisbatan joriy etilgan qo'shimcha import bojlarini pasaytirish hamda ayrim turdagi meva-sabzavot importiga o'rnatilgan cheklovlarni bekor qilish masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida, Turkiyaning inspeksiya, sertifikatlash, sinov va nazorat xizmatlarini ko'rsatuvchi laboratoriyalar faoliyatini O'zbekistonda tashkil etishga kelishib olindi.