Valyuta kurslari 23/06/2025
$1 – 12496.94
UZS – -0,5%
€1 – 14405.22
UZS – -0,05%
₽1 – 159.38
UZS – -0,49%
Qidirish
O‘zbekiston 15/02/2025 O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligida “Do‘stlik bog‘i” barpo etilmoqda

O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligida “Do‘stlik bog‘i” barpo etilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik va strategik hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida Dushanbe shahrida “Do‘stlik bog‘i” tashkil etilmoqda. Ushbu loyiha nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi qardoshlik ramzi, balki ekologik barqarorlik va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish yo‘nalishida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Joriy yilning 12-fevral kuni Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori Tojikiston Respublikasiga tashrif buyurib, Tojikiston Qishloq xo‘jaligi vaziri birinchi o‘rinbosari Asozoda Nuraly Mahmadullo bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida bog‘ loyihasi muhokama qilinib, amalga oshirish choralari belgilandi. Tashrif davomida rasmiylar Dushanbe shahrida joylashgan “Do‘stlik bog‘i” uchun ajratilgan hududni borib ko‘rishdi va loyiha bosqichlari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida zarur tavsiyalar ishlab chiqildi, shu kuni loyihaning amaliy ishlariga start berildi.

Qishloq xo'jaligi vazirligi tizimidagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshiriladigan ishlar:

Tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish – suvdan samarali foydalanish va ekinlarning yaxshi o‘sishi uchun zamonaviy sug‘orish texnologiyalari o‘rnatiladi.

Ko‘chatlar yetkazib berish – O‘zbekistondan yuqori sifatli Tojikiston iqlimiga moslashtirilgan mevali daraxt ko‘chatlari olib kelinib, ularning barqaror o‘sishini ta’minlash uchun maxsus agrotexnik xizmatlar ham ko‘rsatiladi.

Yer tayyorlash va unumdorlikni oshirish – bog‘ uchun ajratilgan yer maydonida unumdorlikni oshirish ishlari olib boriladi, sifatli o‘g‘itlar bilan ta’minlanadi.

Bog‘ infratuzilmasini yaratish – sug‘orish tizimlari, himoya va parvarish qilish tizimlari, bog‘ dizayni va ekish jarayonlari to‘liq rejalashtiriladi.

Agronomik maslahatlar va tajriba almashish – O‘zbekistondan tajribali mutaxassislar jalb qilinib, Tojikistonlik qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari bilan ilmiy-amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

“Do‘stlik bog‘i” nafaqat ekologik jihatdan muhim loyiha, balki ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik timsoli sifatida uzoq yillar xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling