O‘zbekiston va Singapur huquqni muhofaza qilish va kiberxavfsizlik sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 9-15-iyun kunlari Singapur Respublikasi Politsiyasi rahbari Xung Vi Tek (Hoong Wee Teck) boshchiligidagi delegatsiyaning Oʻzbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi amalga oshirilmoqda.
Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari mamlakatimizning tarixiy-madaniy merosi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati, shuningdek, davlatlarning huquqni muhofaza qilish yoʻnalishidagi hamkorligini istiqbolli yoʻnalishlari bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Tashrif doirasida, 10-iyun kuni Singapur politsiyasining rahbari Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Ayubxon Raxmatullayev bilan rasmiy uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Tadbir jarayonida tomonlar hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini taʼkidlagan holda amaliy hamkorlikning dolzarb yoʻnalishlari, xususan, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, shu jumladan kiberxavfsizlik masalalari, shuningdek, yoshlarni narkotik va sintetik giyohvandlik vositalaridan asrash boʻyicha ilgʻor tajribalar bilan oʻzaro almashdilar.
Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuv yakunida tomonlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash borasida istiqbolli vazifalar belgilab olindi.
Mamlakatimizga tashrif davomida Singapur politsiyasi delegatsiyasining Samarqand va Buxoro viloyatlari ichki ishlar organlari xizmati bilan yaqindan tanishish, mamlakatimizning turistik salohiyati hamda xavfsiz turizmni taʼminlash faoliyatini oʻrganish rejalashtirilgan.