Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
O‘zbekiston 20/04/2025 O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni korrupsiyaga qarshi hamkorlikni kuchaytirmoqda

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni korrupsiyaga qarshi hamkorlikni kuchaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 18 aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Saudiya Arabistoni Podshohligi Nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish idorasi (NAZAHA) Prezidenti Mazin Al Kaxmusni qabul qildi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad - ikki davlat aksilkorrupsiya idoralari o‘rtasida professional aloqalarni kuchaytirish, o‘zaro tajriba almashish mexanizm va yo‘nalishlarini muhokama qilish hamda xodimlar salohiyatini oshirishda ikki davlat imkoniyatlaridan keng foydalanishdan iborat.

Saudiya Arabistoni Podshohligida Nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish idorasi (sobiq Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi) 2011 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish va unga barham berish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, NAZAHA faoliyatining asosiy maqsadi halollikni himoya qilish va korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasining amalga oshirilishini nazorat qilish, uning natijalarini kuzatish, baholash va tahlil qilish, ish dasturlari va amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqishdan iborat.

Ikki idora rahbarlarining ilk muloqoti 2024 yil noyabr oyida Qatarning Doha shahrida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti(IHT)ning Korrupsiyaga qarshi kurashish organlari ikkinchi vazirlar yig‘ilishi doirasida tashkil etilgan edi. Mazkur muloqotning amaliy samarasi sifatida bo‘lib o‘tgan bu galgi uchrashuv avvalida ikki davlatda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida fikr almashilib, sohada manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.   

Uchrashuv mobaynida Mazin Al Kaxmus davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi bilan mazkur sohada amalga oshirilayotgan muhim chora-tadbirlarni yuqori baholab, O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari orasida sohada sezilarli ijobiy natijalarga erishayotgani, bu esa O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yildan-yilga ko‘tarilayotganida aks etayotganini ham alohida eʼtirof etdi. 

O‘z navbatida, Agentlik direktori A.Burxanov mamlakatimiz aksilkorrupsiya islohotlari rivojida xalqaro hamkorlikning ahamiyatiga urg‘u berib, xususan, Saudiya Arabistonining sohadagi ilg‘or tajriba va amaliyotini yaqindan o‘rganish korrupsiyaga qarshi kurashishda yangi mexanizmlarni joriy etish imkoniyatlarini yana-da kengaytirishga xizmat qilishini taʼkidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida tajriba almashish, ikki idora xodimlarining salohiyati va malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv dasturlar, stajirovka hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik qilish masalalarida muzokaralar o‘tkazildi. 

Uchrashuv doirasida Agentlik va NAZAHA o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy asosini yaratuvchi o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.

Ushbu hujjat Memorandumi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga hamda ishtirokchilarning institutsional salohiyatini rivojlantirish va oshirishga qaratilgan.

 Memorandum quyidagi yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorlikni nazarda tutadi:

- korrupsiyaga qarshi profilaktik choralar yuzasidan tadqiqot va izlanishlar bilan almashish;

- korrupsiyaga olib keladigan jinoiy omillar va harakatlar, ularning oldini olish vositalari bo‘yicha ilmiy va boshqa tadqiqotlar bo‘yicha axborot almashish;

- qo‘shma o‘quv kurslari, seminar-treninglar o‘tkazish hamda texnik hamkorlik dasturlari uchun tajriba va maʼlumot almashish;

- jamiyatda halollik muhiti va korrupsiyaga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, shuningdek korrupsiyaga qarshi siyosat va strategiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash v.b.

Uchrashuv yakunida ikki tomon o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi mamlakatlarimiz uchun birday manfaatli ekanligi alohida taʼkidlanib, muhokama etilgan har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifa va rejalar belgilab olindi. 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling