O‘zbekiston va Rossiya tashqi ishlar vazirlari ikki tomonlama hamkorlikning asosiy masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram-kanalida uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tganini qayd etar ekan, tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning keng doiradagi masalalarini muhokama qilishganini maʼlum qildi. Ayniqsa, O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Vazirlar davlat rahbarlari tomonidan berilgan topshiriqlarni amalga oshirish doirasida tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishdi. Bu hamkorlik ittifoqchilik munosabatlari va strategik sheriklikni mustahkamlash, siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish, shuningdek, ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni kuchaytirishga yo‘naltirilgan.
Shu bilan birga, taʼlim, innovatsion texnologiyalar, infratuzilma, mintaqaviy xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. O‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish va O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish bo‘yicha imkoniyatlar muhokama qilindi.