Valyuta kurslari 26/06/2025
$1 – 12531.78
UZS – 0,61%
€1 – 14538.12
UZS – 0,53%
₽1 – 159.82
UZS – 0,92%
Qidirish
Iqtisod 25/02/2025 O‘zbekiston va Polsha iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston va Polsha iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 24-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov Polsha taraqqiyot va texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Mixal Yaros boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Polsha delegatsiyasi tarkibida Davlat aktivlari vaziri o‘rinbosari, Dori vositalari boshqarmasi raisi o‘rinbosari, Biznes-ombudsman, Investitsiyalar va savdo agentligi prezidenti, shuningdek, Polshaning tarmoq idoralari hamda ishbilarmon doiralari yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi. Muzokaralar ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar va savdo bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash hamda kengaytirish masalalariga qaratildi.

Tomonlar o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning keng qamrovli yo‘nalishlarini, jumladan, xususiylashtirish, bank sektori, farmatsevtika sanoati, geologiya va boshqa sohalarni muhokama etdi. Polsha tomoni yuqorida ko‘rsatilgan yo‘nalishlarda O‘zbekiston bilan tajriba almashishga tayyorligini bildirdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tomoni hududlarni rivojlantirish, shuningdek, energiya samaradorligi sohasida Polsha tajribasini o‘rganishga qiziqish bildirdi.

Yakunda Polsha tomoni O‘zbekiston iqtisodiyotining turli sohalariga sarmoyalar jalb etishga faol qiziqish bildirib, qo‘shma korxonalar tashkil etish va ilg‘or texnologiyalarni joriy qilishga alohida e’tibor qaratdi. Bu, o‘z navbatida, yangi ish o‘rinlarini yaratib, ikkala mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshiradi.

Ushbu uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib, davlatlarning barqaror iqtisodiy o‘sishi va aholi turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qiladigan chuqur hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling