O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida ipakchilik sohasidagi ilmiy hamkorlik mustahkamlanadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuxrat Otajonov boshchiligida, hozirda Ozarbayjonda ishchi tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari Ozarbayjon Respublikasi Milliy fanlar akademiyasi qoshidagi Shekin mintaqaviy ilmiy markazi faoliyati bilan tanishdilar. Uchrashuvda ipakchilik sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, mahalliy tut daraxti navlari va ipak qurti zotlari, ularning iqlimga moslashuvi, shuningdek, seleksiya va gibridlashtirish jarayonlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tarkibidagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti va Shekin mintaqaviy ilmiy markazi o‘rtasida ilmiy hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Ushbu memorandumda ikki mamlakatda mavjud bo‘lgan ipak qurti zotlari va gibridlarining xo‘jalikdagi foydaliligini o‘rganish, O‘zbekistonda yetishtirilgan tut daraxti navlarini Ozarbayjonda ilmiy maqsadlarda qo‘llash va aksincha, ozarbayjon navlarini O‘zbekistonda tadqiq qilish, tajriba va ishlanmalar bilan o‘zaro almashish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston hududida tut bilan oziqlanmaydigan yovvoyi ipak qurti turlarini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar, ular natijalari asosida ilmiy maqolalar, darsliklar va boshqa nashrlar tayyorlash, zarur maʼlumotlar va materiallar almashish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar jarayonida uslubiy va maslahat ko‘magi ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolari gibrid ipak qurti tuxumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan laboratoriya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Laboratoriya mutaxassislari qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, tuxum yetishtirish va saralash usullari, genetik nazorat jarayonlari hamda himoya chora-tadbirlari haqida amaliy maʼlumotlar taqdim etdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar ipakchilik sohasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.