Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
Iqtisod 21/06/2025 O‘zbekiston va Ozarbayjon 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasi dasturini tasdiqladi

O‘zbekiston va Ozarbayjon 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasi dasturini tasdiqladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 20-iyun kuni Ozarbayjonning Boku shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish hamda chuqurlashtirishga qaratilgan tadbirlarda ishtirok etdi.

Tashrif dasturiga muvofiq dastlab O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 14-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda ikki mamlakat delegatsiyalariga O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabbarov rahbarlik qildilar.

Yig‘ilishni ochar ekan, Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari ishtirokchilarni samimiy qutlab, ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi doʻstona va ishonchga asoslangan munosabat tufayli izchil mustahkamlanib borayotgan Oʻzbekiston-Ozarbayjon aloqalarini yuksak darajada ekanini taʼkidladi.

Tadbir davomida savdo-iqtisodiy hamkorlik, sanoat kooperatsiyasi, transport, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatidagi qo‘shma loyihalar kabi strategik sheriklikni tashkil etuvchi asosiy yo‘nalishlar muhokama qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Turkiy davlatlar savdo va investitsiya hamkorligi ko‘rgazmasi va forumidagi ishtiroki alohida qayd etildi. Tadbirda "Made in Uzbekistan" stendida 50 dan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari namoyish etildi. Joriy yil boshidan buyon O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 40 foizga oshgani qayd etildi.

Shuningdek, turar joy va turizm obyektlari qurilishi, logistika markazi, paxta va sut klasterlari tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. 360 million dollardan ortiq qiymatdagi 15 loyihani moliyalashtirishda ishtirok etayotgan Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasining faoliyati yuqori baholandi.

Q‘shma komissiyaning yig‘ilishida bir qator tashabbuslar kelishib olindi. Ular qatorida o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi, 2025–2026-yillar uchun Sanoat kooperatsiyasi dasturi, ikki yillik savdo missiyalari jadvali, Toshkent va Boku shaharlarida savdo uylari va shou-rumlar ochilishi, ikki davlat tadbirkorlar kengashini tashkil etish hamda mintaqalararo transport yo‘laklarini rivojlantirish, ipakchilik, paxtachilik va sutni qayta ishlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirish kabi yo‘nalishlar mavjud.

Laziz Kudratovning safari III O‘zbekiston va Ozarbayjon hududlararo forumi ishtiroki bilan davom etdi. Unda ikki davlatning 50 dan ortiq ishbilarmon doiralari vakillari qatnashdi. Forum doirasida hududlar rahbarlari va yetakchi kompaniyalar ishtirokida B2B uchrashuvlar o‘tkazilib, mintaqaviy darajadagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Tashrif yakunida vazir bir qator yirik ozarbayjon kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari va qo‘shma investitsiya loyihalari muhokama qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling