O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki kommunal sohadagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Vazir o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva boshchiligidagi mas’ullar bugun Osiyo taraqqiyot banki Bozorlar rivojlanishi va DXSh idorasi bo’limi rahbari Muhammad Azim Hoshimi bilan uchrashdi.
Ma’lumki, kommunal xizmat ko‘rsatish sohalari – aholining turmush darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu yo’nalishlarda mamlakatimizda keng islohotlar davri boshlangan va bu jarayonda Osiyo taraqqiyot banki bilan yaqin hamkorlik qilish muhim strategik ahamiyat kasb etib bormoqda.
Xususan, ichimlik suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarish sohasida 500 million dollardan ortiq mablag‘ ajratilgan bo’lib, 4 ta yirik loyiha amaliyotga tatbiq etilmoqda.
- So‘nggi yillarda hurmatli yurtboshimizning sohaga ko‘rsatayotgan e’tiborlari tufayli aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 81 foizga yetdi. Bu katta natija. Ammo sohada yechimini kutayotgan muammolar ham yetarli. Birgina oqova suv xizmatlarini ko‘rsatish darajasi 20 foiz bo‘lib, vazirligimiz tomonidan ushbu sohani rivojlantirishga, bunda davlat xususiy sheriklikni kengaytirishga ustuvor darajada qaralmoqda,- dedi Ozoda Jo’rayeva.
Yig’ilishda Osiyo taraqqiyot banki bilan Namangan shahar oqova suv inshootini davlat xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish yuzasidan yo’lga qo’yilgan hamkorlik ishlari, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv chiqarish sohasida davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasi muhokama qilindi.
Muhammad Azim Hoshimi ham o’z o’rnida mamlakatimizda suv ta’minoti sohasini yaxshilash loyihalarida ishtirok etayotganidan mamnunligini bildirdi.
Hamkorlikda manfaatli loyihalarni yanada takomillashtirishga kelishib olindi.