O‘zbekiston va Niderlandiya qo‘shma loyihalar va futbol ta’limini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati Niderlandiya Qirolligining Oʻzbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Niko Shermers bilan uchrashdi.
Uchrashuvda, OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov oʻzbek futbolining tarixi, Prezident tashabbusi bilan qad rostlayotgan Milliy futbol markazining faoliyati hamda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirib, assotsiatsiya ikki mamlakat futbolining rivoji yo‘lida hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ma'lum qildi.
Shuningdek, ayollar va bolalar futbolini rivojlantirish, ikki mamlakat futboli mutaxassislari ishtirokida tajriba almashish maqsadida turli seminarlar oʻtkazish masalalari muhokama qilindi.
Futbol ta'limi, texnologiyalar va sport tibbiyoti yo‘nalishlarida hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha fikr almashildi.
Bundan tashqari, Niderlandiyaning yetakchi klublaridan biri boʻlgan “PSV Eindhoven” vakillari bilan onlayn uchrashuv tashkil etish, iqtidorli futbolchilarni aniqlash tizimini samarali yo‘lga qo‘yish va bu borada muzokaralar olib borish muhimligi ta'kidlandi.