Valyuta kurslari 18/06/2025
$1 – 12668.14
UZS – -0,37%
€1 – 14640.57
UZS – -0,61%
₽1 – 161.15
UZS – -0,37%
Qidirish
Iqtisod 18/06/2025 O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 16-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirining o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Mo‘g‘uliston yo‘l va transportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Sandagdorj Batbold bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida transport va logistika sohasidagi hamkorlik aloqalarining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari bevosita temir yo‘l, aviatsiya va avtomobil transporti mutasaddi rahbarlari ishtirokida muhokama etildi.

Jumladan, tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasida avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlarini rivojlantirish bilan bog‘liq jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tishdi. "O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy – Mo‘g‘uliston" yo‘nalishi bo‘yicha avtomobil transportida birinchi pilot tashuvi amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.  

Tomonlar mazkur yo‘nalishning bugungi kundagi dolzarb ahamiyati, yangi yo‘nalishdagi mavjud salohiyat hamda ushbu koridordagi muammolar va ularni bartaraf etish choralari yuzasida fikr almashildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, bu orqali esa mamlakatlarimiz o‘rtasida sayyohlar almashinuvini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.   

Uchrashuv yakunida tomonlar transport-logistika sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, bu yo‘nalishda amaliy qadamlarni yanada kuchaytirish va aniq loyihalar asosida hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling