O‘zbekiston va Malayziya jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy hamkorlik qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Malayziya hukumatlari o‘rtasida jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni tasdiqladi.
Hujjat 2023 yil 8 iyun kuni Toshkentda O‘zbekiston Bosh prokurori Nigmatilla Yo‘ldoshev va Malayziya Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Axmad Terrirudin bin Mohd Salleh o‘rtasidagi uchrashuv natijalariga ko‘ra imzolangan.
Shartnoma jinoiy ishlar bo‘yicha tergov o‘tkazish va protsessual harakatlarni amalga oshirishda huquqiy asoslar va hamkorlik shartlarini belgilaydi. Unda so‘rovlarning shakli va mazmuniga qo‘yiladigan talablar, ularni bajarish tartibi, yordam ko‘rsatishdan bosh tortish asoslari, shuningdek, olingan maʼlumot va dalillardan foydalanish cheklovlari aks etgan.
Kelishuvning asosiy jihatlaridan biri qidirilayotgan shaxslarni aniqlash va ularning joylashuvini belgilashda hamkorlik qilishdir. Jumladan, agar so‘rov yuborgan tomonda qidirilayotgan shaxsning ikkinchi davlat hududida ekani haqida asosli taxminlar mavjud bo‘lsa, qabul qiluvchi tomon milliy qonunchilikka muvofiq uning qidiruvini amalga oshirish uchun zarur choralarni ko‘rishi shart.