Valyuta kurslari 24/06/2025
$1 – 12410.99
UZS – -0,69%
€1 – 14237.89
UZS – -1,16%
₽1 – 158.38
UZS – -0,63%
Qidirish
Iqtisod 24/06/2025 O‘zbekiston va Malayziya energetika, suv resurslari va islomiy moliya sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi

O‘zbekiston va Malayziya energetika, suv resurslari va islomiy moliya sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 23-iyun kuni Malayziya Bosh vaziri o‘rinbosari – Energiya va suv resurslarini transformatsiya qilish vaziri Dato Sri Fadilla bin Haji Yusuf boshchiligidagi delegatsiya vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Malayziya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Datuk Muhammad bin Alamin, Malayziyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ilham Tuah Ilyas hamda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosarlari Axadbek Xaydarov, Xurshed Mustafayev, Ilhomjon Umrzakov, Umid Abidxadjayev va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.

Muloqot davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, hamkorlikdagi loyihalar ko‘lamini kengaytirish hamda o‘zaro fikr va tajriba almashish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan muhokamalar olib bordi.

Xususan, tomonlar quyidagi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tdi:

  • yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarish sohasida olib borilayotgan loyihalar;
  • islom moliyasini joriy etishda texnik yordam ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlash;
  • suv resurslaridan samarali foydalanish hamda ichimlik suvi ta’minotini zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirish;
  • kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xususan, kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun ESG tamoyillarini qabul qilish va joriy etishda tajriba almashish.

Shuningdek, muhokamalar davomida tomonlar uglerod savdosi mexanizmlarini keng tadbiq etish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda yashil iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish, energiya samaradorlikni oshirishda amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan fikr almashdi.

Muzokaralar yakunida tomonlar yuqorida qayd etilgan masalalar yuzasidan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va yanada rivojlantirishga kelishib oldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling