O‘zbekiston va MAGATE yadroviy infratuzilmani rivojlantirish rejasini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 5- 8-may kunlari Xalqaro Atom Energiyasi Agentligi (XAEA) va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida milliy yadro infratuzilmasini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha Kompleks Ish Rejasini (KIR) muhokama qilishga bag‘ishlangan ikkinchi yig‘ilishi bo'lib o'tmoqda.
Tadbir XAEAning Vena shahridagi bosh qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi ishtirokida o‘tkazilmoqda. Delegatsiyaga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi rahbarlik qilmoqda. Delegatsiya tarkibida Energetika Vazirligi hamda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi Qo‘mitasi vakillari ham borlar.
Maslahatlar doirasida infratuzilmani rivojlantirishning 19 ta asosiy yo‘nalishi bo‘yicha tadbirlarni sinchkovlik bilan muhokama qilish va kelishish ishlari amalga oshirilmoqda. XAEA ko‘magi bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash, belgilangan ishlarni amalga oshirish bosqichlarini aniqlashtirish va kelgusi tadbirlarning amalga oshirilish vaqti parametrlarni kelishishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasi Vena shahrida ishini davom ettiradi va bu davrda kelgusi qadamlar rejasini ishlab chiqish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun birinchi navbatdagi choralarni aniqlashga e’tibor qaratadi.