O‘zbekiston va K-Water suv xo‘jaligini rivojlantirish va raqamli texnologiyalarni joriy etishni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva boshchiligidagi mas’ullar Janubiy Koreyaning suv resurslari sohasidagi yetakchi tashkiloti — “K-Water” kompaniyasi Global hamkorlik departamenti direktori Yongdeok Cho bilan uchrashdi.
Ma’lumki, “K-Water” – Koreyada suv omborlari va kanallar qurish, suv resurslarini boshqarish, yog‘ingarchilik suvidan foydalanish, ichimlik suvi ta’minoti, ilmiy tadqiqotlar va kadrlar tayyorlash bo‘yicha yirik tajribaga ega kompaniya hisoblanadi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, aholining ichimlik va oqova suv xizmati bilan qamrab olish ko‘lamlari ortib borayotgani, shu bilan birga sohadagi muammolarni hal etishda xalqaro tajriba va sheriklik aloqalarining o‘rni katta ekani ta’kidlandi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat bo‘ldi:
Kadrlar salohiyatini oshirish: Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoniga asosan tashkil etilgan “Kompetensiyani rivojlantirish instituti” bazasida “K-Water” akademiyasi tajribasi asosida maxsus ta’lim yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Ortiqcha suv yo‘qotishlarni kamaytirish va sohani raqamlashtirish: Suv ta’minoti tizimida yo‘qotishlarni aniq hisobga olish va samarali raqamli nazoratni joriy etish borasida hamkorlik qilish masalalari muhokama etildi.
Osiyo suv kengashi bilan aloqalarni mustahkamlash: “K-Water”ning ushbu xalqaro platformadagi faol ishtirokini inobatga olgan holda O‘zbekiston tomoni ham kengashga a’zo sifatida qo‘shilish taklifini bildirdi.
— Shubhasiz, “K-Water” bilan samarali hamkorlik orqali sohani tubdan rivojlantirish va aholi roziligini ta’minlashga erishamiz, — dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Uchrashuv yakunida kelgusidagi manfaatli hamkorlikni kuchaytirish, bilim va tajriba almashishni kengaytirish maqsadida hujjatlar almashish hamda memorandum imzolash imkoniyatlari muhokama qilindi.