O‘zbekiston va Janubiy Koreya mikroelektronika sohasida ilmiy-ishlab chiqarish klasterini yaratish masalasini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Janubiy Koreya bilan "Yarimòtkazgichlar elektronikasi va integral sxemalar ilmiy-ishlab chiqarish klasterini tashkil qilish" loyihasi muhokama qilindi
Kuni kecha “O‘zeltexsanoat” uyushmasida Janubiy Koreyaning "Tech University of Korea" hamda Koreya Eksport-Import banki vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi rahbari Mirziyod Yunusov va boshqa mas’ullar qatnashdi.
Koreya delegatsiyasi tarkibida "Tech University of Korea" professori Janob Yousuk Bae, ODA (Rasmiy rivojlanish yordami) loyihalari bo‘yicha tajribali mutaxassis doktor Jongkyu Park, va Koreya Eksport-Import bankining Toshkentdagi EDCF vakolatxonasi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda "Yarimòtkazgichlar elektronikasi va integral sxemalar ilmiy-ishlab chiqarish klasterini tashkil qilish" loyihasini amalga oshirishdagi keyingi bosqichlar muhokama qilindi.
Xususan, mazkur loyiha doirasida kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot (R&D) markazini tashkil etish bo‘yicha Koreyaning KOICA tashkiloti grant mablag‘larini jalb qilish imkoniyatlari muhokama etildi.
Shuningdek, loyiha uchun texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish maqsadida Koreyaning EDCF fondi mablag‘larini jalb qilish masalalari ham muzokara markazida bo'ldi.
Tomonlar mikroelektronika, yarimo‘tkazgichlar va raqamli texnologiyalar sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, ilmiy innovatsiyalarni rivojlantirish, shuningdek, sanoat va oliy ta’lim integratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Mazkur loyiha ikki davlat o‘rtasidagi strategik texnologik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.