O‘zbekiston va Jahon banki energiya samaradorligi va «yashil» texnologiyalarni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 27-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari va Jahon banki vakillari o‘rtasida barqaror isitish tizimlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Samandar Sadullayev hamda bir qator tarkibiy bo‘linmalar rahbar xodimlari, shuningdek, Jahon bankining global amaliyot rahbari Stefani Xil, energetika bo‘yicha bosh mutaxassis Manuel Berlenjiyero va bir qancha vakillar qatnashdi.
Muzokaralarda energiya samaradorligini oshirish, sohada “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini inobatga olish va iqlim o‘zgarishlariga moslashish bo‘yicha qator masalalar muhokama qilindi. Uchrashuvda Jahon bankining texnik va moliyaviy ko‘magi asosida ijtimoiy binolar, yakka tartibdagi uy-joylar hamda ko‘p kvartirali binolarda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturlar bo‘yicha hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, xorijiy tajribalar yuzasidan Jahon banki tomonidan Yevropaning markazlashtirilgan isitish tizimlari tahlili, Polshada amalga oshirilgan issiqlik nasoslari dasturi tajribasi va uning natijalari taqdim etildi. Ushbu dastur orqali markazlashtirilgan isitish tizimlarini modernizatsiya qilish va kichik hamda o‘rta biznes uchun yangi “yashil” ish o‘rinlarini yaratish yo‘nalishida erishilgan yutuqlar haqida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston tomoni isitish tizimiga subsidiyalarni bartaraf etish, shuningdek, bino turlarining xususiyatlari va hududiy iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha Jahon banki bilan birgalikda ishlashni qo‘llab-quvvatladi. Isitish tizimlari uchun yangi tariflar metodologiyasini ishlab chiqish, binolarni sovitish va isitish kombinatsiyasini tashkil qilish, shuningdek, energiya samarador texnologiyalarni aholi xonadonlarida tatbiq etishni takomillashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, tomonlar energiya tejamkor kichik loyihalar bo‘yicha yagona milliy dastur ishlab chiqish, iqlim o‘zgarishlariga mos strategiyalarni tatbiq etish va iste’molchilarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda markazlashtirilgan isitish tizimlarini modernizatsiya qilish masalalarini muhokama qildi. Muzokaralarda hududiy isitish infratuzilmalari va binolar holatining xilma-xilligi sababli qaror qabul qilishni markazsizlashtirishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida mazkur masalalar bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish va hamkorlikdagi loyihalarni muvofiqlashtirishni davom ettirishga kelishildi. Tomonlar ushbu muzokaralarni video konferens aloqa orqali kelgusida ham davom ettirishga va barqaror isitish tizimlari bo‘yicha kompleks strategiyalarni ishlab chiqishga kelishib oldi.