O‘zbekiston va Italiya charm sanoati sohasida hamkorlikni kuchaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston charm sanoati Yevropa bozori sari aniq, amaliy va ishonchli qadamlar bilan yaqinlashmoqda. Aynan shunday bosqichlardan biri – Xalq banki, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi va unga a’zo korxonalar vakillaridan iborat delegatsiyaning Italiyaga amalga oshirgan biznes missiyasi bo‘ldi.
Tashrif doirasida charm, poyabzal va texnologiyalar yo‘nalishida faoliyat yurituvchi Italiya sanoat uyushmalari bilan Milan shahrida bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Har bir uchrashuvda O‘zbekiston charm sanoati salohiyati, investitsion imkoniyatlari va xalqaro hamkorlik istiqbollari taqdim qilindi.
“Italiya charm sanoati biz uchun nafaqat bozor, balki texnologiya va dizayn markazidir”, — dedi “O‘zcharmsanoat” uyushmasi Boshqaruv kengashi raisi Shuhrat Atabayev. U delegatsiyaga rahbarlik qilib, O‘zbekiston charm-poyabzal sanoati haqida taqdimot o‘tkazdi. Uchrashuvda mamlakatdagi ishlab chiqarish salohiyati, soliq va bojxona imtiyozlari, xalqaro standartlarga mos ishlashga tayyorlik, aholi jon boshiga YAIM o‘sishi va investorlar uchun qulay muhit haqida so‘z yuritildi.
Tashrifda “Xalq banki” vakillari, shuningdek, charm-poyabzal tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan qator yetakchi korxona rahbarlari ham ishtirok etdi. Jumladan, charm xomashyo ishlab chiqaruvchilari, tayyor mahsulot eksportchilari va texnologik hamkorlikka ochiq korxonalar namoyandasi sifatida faol qatnashdi.
Delegatsiya UNIC – Italiya charm sanoati milliy uyushmasi bilan uchrashuvda charm xomashyosini (wet blue va crust) eksport qilish, laboratoriya sinovlari, kuzda bo‘lib o‘tadigan Lineapelle ko‘rgazmasida ishtirok va Italiyada qo‘shma ishlab chiqarish imkoniyatlari bo‘yicha aniq muzokaralar o‘tkazdi.
Shuningdek, O‘zcharmsanoat uyushmasi charmga ehtiyoj bildirayotgan Italiya kompaniyalarini O‘zbekiston korxonalari bilan bog‘lash bo‘yicha hamkorlik mexanizmini yo‘lga qo‘yishni taklif etdi. Italiya tomoni bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Assopellettieri – Italiya charm aksessuarlari (sumka, hamyon, kamar) ishlab chiqaruvchilar uyushmasi, Assocalzaturifici esa poyabzal ishlab chiqaruvchilar milliy uyushmasidir. Bu ikki tashkilot bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi:
O‘zbekistonda Italiya brendlari ostida mahsulot ishlab chiqarish;
“Made in Uzbekistan” markasi bilan MICAM ko‘rgazmasida ishtirok etish;
Dizayn, marketologiya va texnologlar tajribasini O‘zbekistonga transfer qilish;
Yevropa bozorlari uchun talab etiladigan sertifikat va standartlar asosida mahsulot yetkazib berish.
Charm, poyabzal va qayta ishlash sanoati uchun texnologik uskunalar ishlab chiqaruvchi Italiya uyushmasi — ASSOMAC bilan zamonaviy texnologiyalar, ishlab chiqarish liniyalari, malaka oshirish va texnik maslahatlar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Uyushma vakillari O‘zbekistonga texnologik hamkorlik bo‘yicha konkret takliflar tayyorlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.