O‘zbekiston va Germaniya barqaror energetika sohasida hamkorlikni chuqurlashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 26-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Akram Aliyevning Germaniya Iqtisodiyot va energetika federal vazirligi yo‘nalish rahbari Urs Engels hamda Germaniya energetika agentligi (dena)ning Markaziy Osiyo bo‘yicha loyihalar direktori Elena Metsger bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar energetika sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, xususan, energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va “Iqlim jihatidan neytral shaharlar” tashabbusini muhokama qildilar.
Alohida e’tibor 25-iyun kuni Toshkent shahrida ochilgan Energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha Germaniya-O‘zbekiston o‘quv markazi faoliyatiga qaratildi. Ushbu markaz barqaror energetika sohasida milliy kadrlarni tayyorlash yo‘lida nemis mutaxassislari ishtirokidagi ilk amaliy qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston tomoni nemis hamkorlarining ko‘rsatayotgan qo‘llab-quvvatlashiga minnatdorchilik bildirib, mamlakat iqtisodiyotining “yashil” transformatsiyasini jadallashtirish maqsadida strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanini bildirdi.