O‘zbekiston va Estoniya savdo aloqalarini kengaytirish uchun biznes-forum tashkil qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 20 fevral kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov va Estoniyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Yaap Ora o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida Dilshod Rasulov Yaap Orani yangi lavozimga tayinlanganligi bilan muborakbod etib, O‘zbekiston- Estoniya o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Suhbat chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar, shuningdek, O‘zbekiston va Estoniya o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, elektrotexnika, turizm, to‘qimachilik, charm, qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoati sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi qadamlar belgilab olindi.
Shuningdek, tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish maqsadida transport-logistika xizmatlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkilab, bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirishga, qo‘shma loyihalarni faol muhokama qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Uchrashuv yakunida joriy yilning to‘rtinchi choragida O‘zbekiston va Estoniya ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes forum o‘tkazishga kelishib olindi.