Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
Iqtisod 11/05/2025 O‘zbekiston va Eron tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazishni maqsad qildi

O‘zbekiston va Eron tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazishni maqsad qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakatimiz hukumati delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Eron Islom Respublikasida bo‘lib turibdi.

Amaliy uchrashuv va muloqotlar tashrif dasturiga muvofiq,  11-12 may kunlariga belgilangan.  

Bugun, 11 may kuni Tehron shahridagi “Saʼdobod” majmuasida O‘zbekiston Bosh vaziri hamda mezbon mamlakat Birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Oref boshchiligidagi hukumatlar delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik har tomonlama rivojlanib borayotgani, bunda ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Eron Islom Respublikasi Prezidenti Masʼud Pezeshkiyon o‘rtasida muntazamlik kasb etayotgan samimiy muloqotlar muhim omil bo‘layotgani taʼkidlandi.

Tomonlar ushbu uchrashuv hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab olish uchun qulay imkoniyat ekanini qayd etib, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini istiqbolda Prezidentlarimiz belgilab bergan 2 milliard dollarga chiqarish imkoniyatlarini atroflicha muhokama qildilar.

Xususan, transport-logistika sohasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Buning uchun mazkur yo‘nalishda ko‘p yillardan buyon o‘z yechimini kutayotgan muayyan masalalarni zudlik bilan hal etish yuzasidan saʼy-harakatlarni birlashtirib, aniq amaliy choralarni ko‘rish lozimligi qayd etildi. 

Shuningdek, tomonlar sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, mamlakatlarimiz hududlari aro aloqalarni faollashtirish,  ilm-fan, taʼlim, texnologiya va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish, shu bilan birga, turizm, madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhim ekanini bildirdilar.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi o‘z vaqtida taʼminlanishida tegishli vazirlik va idoralar yana-da faol ishlashlari lozimligi aytildi. 

Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston va Eron o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi", Imtiyozli savdo Bitimining tovarlar ro‘yxatini tasdiqlash bayonnomasi, O‘simliklar himoyasi va karantini sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumi, Halol standart sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumi imzolandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling