O‘zbekiston va Crimson Logic bojxona jarayonlarini raqamlashtirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Singapurga tashrif doirasida Bojxona qo‘mitasi delegatsiyasi “Crimson Logic” kompaniyasi Bosh direktori Lourens bilan uchrashuv o‘tkazishdi
Tashqi savdo va bojxona jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha eng ilg‘or tajribaga ega mazkur kompaniya vakillari bilan hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirish muhokamalar markazida bo‘ldi.
Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston bojxona xizmati so‘nggi yillarda raqamlashtirish va modernizatsiya yo‘nalishida inqilobiy o‘zgarishlarni amalga oshirdi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan yana-da takomillashtirish va raqamlashtirishga oid qo‘yilayotgan vazifalardan kelib chiqilsa, oldinda hali qilinadigan ishlar ko‘p.
Taʼkidlanganidek, chinakam “aqlli bojxona”ni yaratish uchun orttirilgan tajribani xorijiy tajribalar bilan chuqur uyg‘unlashtirish va yana-da boyitish zarurati mavjud. Chunki, zamon shiddat bilan o‘zgarib bormoqda.
Uchrashuvda kompaniyaning generativ sunʼiy intellekt, BIG DATA, xavflarni boshqarish yo‘nalashlaridagi tajribasini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Hozirda O‘zbekiston bojxona organlariga tadbiq qilingan 30 dan ziyod axborot tizimlarini ushbu kompaniya vakillari ishtirokida ko‘rib chiqib, takomillashtirishga oid tavsiyalarini olish taklifi ilgari surildi. Shu maqsadda kompaniyaning yetuk mutaxassislari O‘zbekistonga taklif qilindi.
Tomonlar IT-mutaxassislari o‘rtasida onlayn uchrashuvlarni muntazam yo‘lga qo‘yishga kelishib olishdi.