O‘zbekiston va CECC elektron sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruh tuzishga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning elektronika savdo-sanoat palatasi (China Electronic Chamber of Commerce) prezidenti Van Nin bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov CECC prezidenti Van Nin bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida elektronika va elektrotexnika sanoati yo‘nalishida hamkorlikni chuqurlashtirish, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, texnologik transfer, investitsiya hamda eksport salohiyatini oshirish masalalarini muhokama qildi.
CECC vakillari O‘zbekistonning sanoat salohiyati, elektronika sohasidagi jadal o‘sish sur’atlari va xalqaro hamkorlikka ochiqligini yuksak baholadi. Tomonlar o‘zaro axborot almashinuvi va amaliy loyihalar bo‘yicha Ishchi guruh tuzish tashabbusini ilgari surdilar.
Mazkur uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasida yuqori texnologiyalarga asoslangan O‘zbekistonning global elektronika zanjiriga faol integratsiyasini yanada jadallashtiradi.