O‘zbekiston va Boshqirdiston o‘rtasida to‘qimachilik va meva-sabzavot mahsulotlari eksporti bo‘yicha kelishib olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 26-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Boshqirdiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – sanoat, energetika va innovatsiyalar vaziri Aleksandr Sheldyaev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan, hududlararo muloqotni kengaytirish, shuningdek, stanoklar ishlab chiqarish, yengil sanoat, kadrlar va texnologiyalar almashinuvi yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston hududlari va Boshqirdiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlashning ijobiy dinamikasini, xususan, 2024-yil yakuniga ko‘ra o‘zaro savdo 11,8 foizga o‘sganligini qayd etib, Boshqirdiston Respublikasiga meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilishni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda boshqird kompaniyalarini joylashtirish uchun qo‘shma texnopark tashkil etish rejalari muhokama qilindi. Boshqird tomoni mamlakatimizda savdo uyi ochishga ham katta qiziqish bildirdi.