O‘zbekiston va BMT narkotik moddalar savdosiga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bojxona qo‘mitasida BMT Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining O‘zbekistondagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Oliver Shtolpe bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Taʼkidlash joizki, mazkur vakolatxona bilan o‘zaro hamkorlik mintaqa xavfsizligini taʼminlashda har tomonlama samarali bo‘lmoqda. So‘nggi 4 yilda yo‘lovchilar va yuklar oqimini nazorat qilish hamda kinologiya va ekspertiza bo‘yicha mintaqaviy dasturlarda konstruktiv hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Yuzdan ziyod seminar, trening va uchrashuvlar tashkil etilib, 645 nafar bojxona xodimining malakasi oshirildi, respublika bo‘ylab chegaralarda tezkor maʼlumot almashinuv kanallarini tashkil etish orqali narkotik, prekursor va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi hamkorlik ofislarining soni 8 taga, mobil idoralar guruhlarining soni 13 taga yetdi.
Hozirda “Chuqursoy texnik idora”, “Yallama”, “Olot”, “Ayritom” va “Aviayuklar” bojxona postlarida port nazorat guruhlari faoliyat yuritmoqda. Mazkur guruhlar tomonidan 162 ta holatda 10,2 mln dollarlik tovarlarning hamda bir necha tonna narkotik vositalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Uchrashuvda Jahon bojxona tashkilotining mintaqaviy maqomini qo‘lga kiritgan Markaziy bojxona laboratoriyasi qoshida Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi bilan hamkorlikda “Ixtisoslashgan o‘quv markazi”ni hamda Samarqand xalqaro aeroportida “Avia yuklar nazorat guruhi”ni tashkil etish va boshqa masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar Markaziy bojxona laboratoriyasi va Bojxona rasmiylashtiruvi markazi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.