O‘zbekiston transportni raqamlashtirish bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xitoyga tashrifi doirasida “Karamay Smart Transport Project” ma’lumotlar markaziga tashrif buyurdi.
Tashrif chog‘ida delegatsiya a’zolari markazda joriy etilgan zamonaviy raqamli yechimlar bilan yaqindan tanishdilar.
Xususan, mazkur markazda shahar transporti harakatini raqamli boshqarish, yo‘llardagi harakatni doimiy monitoring qilish va tahlil etish, shuningdek, jamoat transporti harakatini avtomatlashtirish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalar ko‘zdan kechirildi.
“Karamay Smart Transport Project” markazi shahar infratuzilmasini optimallashtirish, yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratish va xavfsizlikni oshirish maqsadida ishlab chiqilgan. Unda sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar tahlili texnologiyalari keng qo‘llaniladi.
Ushbu tajriba O‘zbekiston shaharlarida transportni raqamlashtirish va intellektual transport tizimlarini joriy etishda muhim o‘rnak bo‘lishi mumkinligini ta’kidlandi.
Markazda joriy etilgan intellektual transport tizimining asosiy funksiyalari quyidagilardan iborat:
– Svetoforlarni boshqarish (Signal Control): harakat davrlari va fazalarini adaptiv tarzda boshqarish orqali yo‘llardagi oqimni optimallashtirish;
– E-politsiya va nazorat punktlari (E-Police & Checkpoints): yo‘l harakati qoidalarining buzilish holatlarini avtomatik aniqlash va tahlil qilish;
– Uskunalarni boshqarish (Device Management): markazlashgan boshqaruv orqali barcha intellektual transport tizimi (ITS) uskunalarining holatini nazorat qilish;
– Monitoring va holatdan xabardorlik (Monitoring Awareness): real vaqtda harakat oqimini va uskunalarning ishlash holatini kuzatish;
– Texnik xizmat ko‘rsatish (Maintenance): uskunalarning to‘liq ish faoliyatini ta’minlash uchun avtomatik diagnostika va profilaktik xizmatlarni amalga oshirish.
Bundan tashqari, mazkur tizim doirasida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxslarni aniqlash va yo‘qolgan buyumlarni topishga qodir algoritm ham ishlab chiqilgan.
Ushbu tizim amaliyotga joriy etilgandan so‘ng, shaharda yo‘l-transport hodisalari soni salmoqli kamaygani, shuningdek, chorrahalardagi o‘tkazuvchanlik darajasi sezilarli tarzda oshgani qayd etilgan.