O‘zbekiston TIV rahbari Gretsiya elchisidan ishonch yorliqlarining nusxalarini qabul qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov mamlakatimizda yangi tayinlangan Gretsiya elchisi Paraskevi Sevelekidan ishonch yorliqlarining nusxalarini qabul qildi.
TIV rahbari Toshkentda Gretsiya elchixonasining ochilishini samimiy qarshi oldi va bu qadam ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishga xizmat qilishini taʼkidladi:
«Toshkentda Gretsiya elchixonasining ochilishini mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlaymiz va bu hamkorligimiz jadal rivojlanishiga turtki bo‘ladi, deb ishonamiz», — dedi Saidov.
Suhbat chog‘ida tomonlar siyosiy muloqotni yana-da chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, madaniy va taʼlim sohalarida almashinuvni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunlarida Baxtiyor Saidov Gretsiya elchisiga O‘zbekistonda samarali va natijali faoliyat olib borishini tilab qoldi.