Valyuta kurslari 26/06/2025
$1 – 12531.78
UZS – 0,61%
€1 – 14538.12
UZS – 0,53%
₽1 – 159.82
UZS – 0,92%
Qidirish
Iqtisod 26/06/2025 O‘zbekiston Tbilisidagi xalqaro ekologik kursda ishtirok etdi

O‘zbekiston Tbilisidagi xalqaro ekologik kursda ishtirok etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 16–20-iyun kunlari Gruziyaning Tbilisi shahrida Kavkaz mintaqaviy ekologik markazi (REC Caucasus) va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan xalqaro o‘quv kursi tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Mazkur o‘quv kursi yer degradatsiyasini neytrallashtirish, tuproq salomatligi, barqaror yerdan foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlandi. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda FAO hamkorligidagi GCP/UZB/020/GFF — “Qurg‘oqchilikka uchragan ekotizimlardagi o‘rmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida loyiha rahbari N. G‘afurov boshchiligidagi guruh — ekspertlar F. Egamov, A. Xojiyev va yordamchi S. Qo‘ziboev ushbu tadbirda ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Gruziya hukumati, FAO va boshqa xalqaro hamkor tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, yer degradatsiyasi bo‘yicha milliy strategiyalar, qonunchilikdagi islohotlar, zamonaviy texnologiyalar va monitoring tizimlari muhokama qilindi. 

Dmansi munitsipalitetidagi tajriba uchastkasiga tashrif buyurilib, yaylovlardan oqilona foydalanish, chorva yukini me’yorlashtirish, elektr to‘rlar yordamida hududlarni ajratish kabi amaliy tajribalar o‘rganildi.

Shuningdek, FAOning Gruziyadagi vakolatxonasi, Atrof-muhitni muhofaza qilish va Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Barqaror yer boshqaruvi milliy agentligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda davlat siyosati, huquqiy asoslar, yer resurslarini monitoring qilish va ro‘yxatga olish tizimlari haqida tajriba almashildi.

19-iyun kuni loyiha rahbari N. G‘afurov xalqaro panel sessiyada so‘zga chiqib, O‘zbekistonda suv tanqisligi sharoitida amalga oshirilayotgan choralar, jumladan, suv tejovchi texnologiyalar, yerlarni lazerli tekislash va agroekologik yondashuvlar haqida taqdimot qildi. 

Tadbir yakunida mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, qo‘shni davlatlar bilan tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling