O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi soxta tabiblar soni ortib borayotgani haqida ogohlantirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni sog‘liq va hayot uchun jiddiy xavf tug‘diradigan soxta tabiblarga murojaat qilmaslikka chaqirdi.
So‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan xalq tabobatini rivojlantirish, sohani zamonaviy sog‘liqni saqlash tizimiga izchil integratsiyalash, bu yo‘nalishda mutaxassislar malakasini oshirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Natijada bugun mamlakatimizda 150 ta tadbirkorlik subyekti tegishli litsenziya asosida xalq tabobati yo‘nalishida samarali faoliyat yuritib kelyapti.
Biroq yaratib berilgan ushbu imkoniyatlarga qaramay, keyingi paytlarda tegishli huquqqa ega bo‘lmasdan, ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash bilan shug‘ullanayotgan hamda bu orqali insonlar sog‘ligi va hayotiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan soxta tabiblar soni ko‘payib boryapti.
Eng yomoni, xastaliklardan tez, oson, asoratsiz, muhimi, tabiiy usul bilan va uy sharoitida xalos bo‘lishni istagan yurtdoshlarimiz “g‘ayritabiiy qobiliyatlarga ega”ligini iddao qilayotgan, turli yo‘llar orqali odamlar ishonchiga kirib, hech qanday tasdiqlanmagan hamda tegishli sinovlardan o‘tmagan “xizmat”larni taklif etayotgan bunday kimsalarga aldanib qolmoqda.
Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar bu kabi shubhali xizmatlarni keng targ‘ib qiluvchi platformaga aylanib borayotgani, ularning asosiy auditoriyasi ham, mijozlari ham og‘ir hayotiy ahvolga tushib qolgan fuqarolarimiz bo‘layotgani afsuslanarlidir.
Ijtimoiy tarmoqlarda soxta tabiblik bilan shug‘ullanib, o‘zini reklama qilayotgan holatlar va qo‘llanilayotgan muolaja usullari dalillarga asoslangan tibbiyotning davolash uslublariga kirmaydi.
Bunday soxta usullar belgilangan diagnostika va davolash milliy klinik protokollari hamda standartlariga mutlaqo muvofiq emas.
Qolaversa, yuqoridagi muolajalar bilan shug‘ullanayotgan shaxslarga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan faoliyat yuritishlari uchun hech qanday litsenziya berilmagan.
2024 yilda litsenziyasiz tibbiy faoliyat yuritganligi uchun 38 ta yuridik shaxsning har biri bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida, 2025 yilning 1 iyul holatiga esa 24 ta yuridik shaxs moliyaviy jarimaga tortilgan.
Bugungi kunda yurtimizda soxta tabiblik faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi tomonidan muntazam ravishda o‘quv-seminarlar hamda profilaktik tadbirlar o‘tkazib borilmoqda.
Vazirlik fuqarolarni hushyor bo‘lishga, shubhali usullarga ishonmaslikka va o‘z sog‘ligi hamda yaqinlarining sog‘ligini xavf ostiga qo‘ymaslikka chaqirdi.