O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari uch tomonlama sammit o‘tkazadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari tarixda ilk bor uch tomonlama sammit o‘tkazadi. U 31 mart kuni Xo‘jand shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Edil Baysalov Jenevadagi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashining 58-sessiyasi doirasidagi yuqori darajadagi uchrashuvda maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bo‘lajak sammit mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam hisoblanadi. Shuningdek, Baysalov Qirg‘iziston va Tojikiston o‘z davlat chegarasini tartibga solish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishganini taʼkidlab, buni muhim diplomatik yutuq sifatida baholadi.
«Bu lahzani diplomatiya va siyosiy irodaning tarixiy triumfi deb atash mumkin. Biz eng murakkab masalalar ham konstruktiv muloqot, o‘zaro hurmat va ishonch asosida hal etilishi mumkinligini isbotladik», — deya taʼkidladi Baysalov.