O‘zbekiston Prezidenti Yevropa bilan energetik hamkorlik uchun «yashil strategik yo‘lak» yaratishni taklif qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Markaziy Osiyo Yevropa uchun energetik barqarorlikni taʼminlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarga o‘tish jarayonida ishonchli hamkorga aylanish salohiyatiga ega. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev EuroNews nashriga bergan intervyusida taʼkidladi va mintaqa jahon energetika muvozanatida muhim o‘rin tutishi mumkinligini qayd etdi.
«Markaziy Osiyo nafaqat ishonchli energiya resurslari yetkazib beruvchisi, balki jahon uglerod neytralligi jarayonining faol ishtirokchisiga ham aylanishi mumkin. Bizda hamkorlik qilish uchun katta salohiyat mavjud, ayniqsa, Kaspiy va Qora dengizlarni Yevropa bilan bog‘laydigan «yashil strategik yo‘lak» loyihasi doirasida. Ushbu loyiha amalga oshirilishi o‘zaro manfaatli energetik hamkorlikning mustahkam asosiga aylanadi», — dedi Prezident.
Davlat rahbari O‘zbekiston va mintaqaning boshqa mamlakatlari qayta tiklanuvchi energiya manbalarini jadal rivojlantirayotganini taʼkidladi. Yaqin yillarda umumiy quvvati 24 GVt bo‘lgan 50 dan ortiq quyosh va shamol elektr stansiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan. 2030 yilga borib, qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy energetika balansining 54%ini tashkil etishi kerak.
Ushbu chora-tadbirlar issiqxona gazlari chiqindilarini 16 million tonnaga kamaytirish va Parij kelishuvi bo‘yicha majburiyatlarni muddatidan oldin bajarish imkonini beradi.
Bundan tashqari, energetika tizimlarini modernizatsiya qilish samaradorlikni oshirish va uglerod izini keskin kamaytirishga yordam beradi.