Valyuta kurslari 19/06/2025
$1 – 12618.63
UZS – -0,39%
€1 – 14516.47
UZS – -0,85%
₽1 – 160.83
UZS – -0,2%
Qidirish
O‘zbekiston 05/04/2025 O‘zbekiston Prezidenti Samarqand xalqaro iqlim forumida nutq so‘zladi

O‘zbekiston Prezidenti Samarqand xalqaro iqlim forumida nutq so‘zladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 4 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand xalqaro iqlim forumi plenar sessiyasida nutq so‘zladi.

Forumda Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Prezidentlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda mutaxassislar ishtirok etdi.

O‘z nutqida Shavkat Mirziyoyev iqlim muammolarini hal etishda xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab o‘tdi. U, jumladan, o‘rmon yong‘inlari, cho‘llanish va suv sifatining yomonlashuvi kabi global chaqiriqlarga eʼtibor qaratdi. Prezident taʼkidladiki, Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha Strategiyani ishlab chiqqan bo‘lib, u ekologik barqarorlikni oshirishga qaratilgan.

Prezident shuningdek, O‘zbekistonda yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida gapirdi. Jumladan, keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish loyihalari, cho‘l hududlarda qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarni ekish ishlari alohida qayd etildi. Shu munosabat bilan u “Markaziy Osiyoning yashil kamari” nomli har yillik daraxt ekish aksiyasini tashkil etishni taklif qildi.

“Yashil” iqtisodiyotga o‘tish doirasida O‘zbekiston yaqin besh yil ichida qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu issiqxona gazlari chiqindisini keskin kamaytirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi tomonidan amalga oshirilayotgan “Suv – Energiya – Iqlim o‘zgarishi” dasturini hayotga tatbiq etish uchun maxsus Kotibiyat tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda suvni tejovchi texnologiyalar bo‘yicha xalqaro forum tashkil etish taklifi bildirildi.

Prezident, shuningdek, iqlim o‘zgarishlarini kuzatish bo‘yicha ilmiy platformalarni rivojlantirish zarurligini taʼkidlab, Toshkentdagi “Yashil universitet” bazasida faoliyat yuritayotgan Iqlim rezidensiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanishni taklif qildi.

So‘zining yakunida Shavkat Mirziyoyev barqaror va xavfsiz kelajakni taʼminlash uchun xalqaro muloqotni kuchaytirish zarurligini qayd etib, barcha davlatlarni kuchlarni birlashtirishga chaqirdi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling