O‘zbekiston Meraque Group bilan qishloq xo‘jaligida dronlarni joriy etishni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir Laziz Kudratov va “Meraque Group” kompaniyasi rahbari Razali Ismoil o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
2017-yilda Malayziyada tashkil etilgan Meraque Group qishloq xo‘jaligi, xavfsizlik va logistika sohalarida ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqaradi.
Tomonlar joriy yilning 4-5-fevral kunlari Malayziyaga oliy darajadagi tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlarni, jumladan, qishloq xo‘jaligida dronlardan foydalanish loyihasining amalga oshirilishini ko‘rib chiqdilar.
Loyihaning birinchi bosqichi doirasida kompaniya vakillari tomonidan Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Chinoz tumanlarida “shou-rum” tashkil etiladi. “Shou-rum”larda O‘zbekistonning manfaatdor kompaniyalarga maxsus dronlardan foydalanish imkoniyati beriladi.
Kompaniyaning Malayziyadagi ishlab chiqarish korxonalarida o‘quv dasturini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.