Valyuta kurslari 23/06/2025
$1 – 12496.94
UZS – -0,5%
€1 – 14405.22
UZS – -0,05%
₽1 – 159.38
UZS – -0,49%
Qidirish
Iqtisod 02/04/2025 O‘zbekiston mehnat muhojirlarini qo‘llab-quvvatlash borasida Filippin tajribasini o‘rganmoqda

O‘zbekiston mehnat muhojirlarini qo‘llab-quvvatlash borasida Filippin tajribasini o‘rganmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi eng koʻp mehnat muhojirlariga ega mamlakat hisoblanadi. Ularning aksariyati Rossiya va Qozogʻistonda mehnat qilmoqda. Jahon Banki Oʻzbekiston hukumatining mehnat muhojirlarining kasbiy va til ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ushbu hamkorlik doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi dunyoda mehnat muhojirlari soni boʻyicha yetakchi oʻntalikdan o‘rin olgan Filippinga tanishuv safarini uyushtirdi. Delegatsiya tarkibidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakillari joy oldi.

Tashrif davomida Filippin hukumatining mehnat migratsiyasi sohasidagi davlat siyosati va dasturlari o‘rganildi. O‘zbekiston delegatsiyasi Filippin muhojirlar mehnati masalalari departamenti, Milliy iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish agentligi, Muhojirlar mehnatini muhofaza qilish boshqarmasi, Texnik ta’lim va malaka oshirish agentligi vakillari bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuvlar davomida ushbu tashkilotlar faoliyati va xizmatlari, boradigan mamlakatlarda filippinlik mehnat muhojirlarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari, ularning kasbiy mahoratini oshirish, qaytgan muhojirlarni reintegratsiya qilish, migratsiya ma’lumotlarini boshqarish va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Jahon bankining o‘rganish tashrifi natijalari O‘zbekiston hukumatiga mehnat migratsiyasi sohasida kelgusidagi texnik yordam yo‘nalishlarini aniqlash hamda Filippinning tegishli davlat organlari bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling