O‘zbekiston kompaniyasi ilk bor 140 yillik tarixga ega xalqaro brendga ega bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mahalliy biznes amaliyotida ilk bor, O‘zbekiston kompaniyasi 140 yildan ortiq tarix, hamda 40 dan ortiq mamlakatlarda tan olingan, barqaror eksport tarmogʻiga ega boʻlgan xalqaro brendni sotib oldi. Bu O‘zbekiston to‘qimachilik sohasida muhim voqea bo‘lib, xalqaro bozorga chiqayotgan mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish yo‘lida katta qadam hisoblanadi.
Buxoro viloyatida joylashgan “Kamalak Shabnam Teks” MChJ O‘zbekiston hududida yirik investitsiya loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida avtomobilsozlik, mudofaa sanoati, aviatsiya, tibbiyot va maishiy ehtiyojlar uchun mo‘ljallangan poliester va poliamid asosida yuqori sifatli texnik va uy to‘qimachiligi mahsulotlarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Loyihaning muhim jihati — Germaniyaning Curt Bauer kompaniyasi aktivlarini to‘liq O‘zbekiston Respublikasiga ko‘chirib kelinishi hisoblanadi. Shu tariqa, “Kamalak Shabnam Teks” kompaniyasi O‘zbekiston hududida Curt Bauer brendiga bo‘lgan eksklyuziv mulk huquqini qo‘lga kiritdi.
Loyiha nafaqat 785 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga, balki Germaniya to‘qimachilik sanoatining muhim texnologik "nou-xau"ga asoslangan muhandislik yondashuvlarini O‘zbekistonga olib kirishga xizmat qiladi. Bu mamlakatning ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlash va jahon bozorlarida eksport salohiyatini kengaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.
Loyiha O‘zbekistonning xom ashyoni qayta ishlashning yuqori texnologiyali yo‘nalishlarini rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va hududlarda barqaror ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan strategik maqsadlariga to‘liq mos keladi.
Curt Bauer kompaniyasi 1882-yilda Germaniyaning Saksoniya mintaqasida tashkil etilgan bo‘lib, premium toifadagi uy to‘qimachilik mahsulotlari – uy uchun matolar, texnik to‘qimachilik hamda G‘arbiy Afrika uchun maxsus damask matolarini ishlab chiqarishda keng tanilgan. Uning mahsulotlari noan’anaviy dizayn, ishlab chiqarish sifati va yuqori darajadagi to‘qimachilik muhandisligi bilan ajralib turgan.