O‘zbekiston Jahon bojxona tashkiloti Boshqaruv kengashi sessiyalarida ishtirok etmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jahon bojxona tashkilotining Brusseldagi bosh qarorgohida Bojxona Hamkorlik Kengashining navbatdagi 145-146-yillik sessiyalari bo‘lib o‘tmoqda.
Sessiyada tashkilotga a’zo 186 ta davlat vakillari ishtirok etishmoqda.
Sessiyaning bugungi ish kunida Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Yan Sonders hamda Jahon savdo tashkiloti Bosh direktori Ngozi Okono Iveala so‘zga chiqdi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi tashkilot doirasidagi mintaqaviy maslahatlashuvlarda ishtirok etib, sessiya kun tartibidan joy olgan bojxona ma’muriyatchiligini raqamlashtirishga doir turli tashabbuslarni o‘zaro muhokama qilishdi.
Sessiyaning bugungi ish kunida kadrlar salohiyatini oshirish, tariflar va savdo masalalari, tartib-taomillarini soddalashtirish va ularga rioya etilishini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiya panel sessiyalarida ishtirok etib, tovar qiymatini belgilash, yuk tashuvlarining global xavfsizligi Dasturi (SAFE), elektron savdo, chegaralarni mustahkamlash, bojxonada gender tengligi va ahloq qoidalari kabi dolzarb masalalarni muhokama qilishdi.
Sessiyaga tashrifi doirasida Bojxona qo‘mitasi Raisi A.Mavlonov bir qator muhim ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi. Bugun esa turli delegatsiyalar rahbarlari bilan o‘zaro muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, Turkiya bojxona xizmati rahbari Sezay Ucharmak bilan o‘zaro suhbatda joriy yilning oktabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston va Turkiya bojxona xizmatlari rahbarlari ishtirokidagi Qo‘shma bojxona kengashining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona ma’muriyati delegatsiyasi rahbari Van Linszun bilan muloqotda esa bojxona hududida qayta ishlash rejimi yuzasidan o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Jahon bojxona tashkilotining Uyg‘unlashgan tizim qo‘mitasi vakillari bilan uchrashuvda tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi bo‘yicha hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki Davlatimiz Rahbarining joriy yil 14 mayda qabul qilingan PQ-181 son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi ilk bor davlat tilida amaliyotga joriy qilindi. Xalqaro ekspertlar ushbu yangilikni katta qiziqish bilan qabul qilib, sanoqli davlatlargina bunga erishganini e’tirof etishdi.