O‘zbekiston Iqtisodiyot va Moliya vazirligi ILF Consulting Engineers kompaniyasi bilan energiya samaradorligi bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Iqtisodiyot va moliya vazirligida vazir o‘rinbosari Samandar Sadullayev hamda “ILF Consulting Engineers” kompaniyasining boshqaruv konsaltingi bo‘yicha direktori Oskar Gruber o‘rtasida mamlakatimizda energiya samaradorlik loyihalarini amalga oshirishda strategik hamkorlikni amalga oshirish yuzasidan tegishli shartnomalar imzolandi.
Mazkur hamkorlik doirasida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar doirasida quyidagilarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan:
• loyiha topshiriqlarini jahon standartlari asosida tayyorlash;
• energiya auditini o‘tkazish;
• har bir obyekt kesimida energiya samaradorlikning jahon standartlari asosida texnik nazoratni amalga oshirish;
• o‘rnatilgan uskuna va texnologiyalarga texnik xizmat ko‘rsatishni nazorat qilish.
Shartnomalar quyidagi energiya samaradorligi loyihalarini qamrab oladi:
- 2025 yilda Buxoro viloyatida 89 ta ijtimoiy soha muassasalarining energiya samaradorligini oshirish loyihasi;
- 2025-2026 yillarda respublikaning 14 ta hududida 60 ta ijtimoiy soha va jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish loyihasi;
- 2025 yilda Chinoz va Oltiariq tumanlaridagi 43 ta ko‘p xonadonli uyning energiya samaradorligini oshirish loyihasi.
Mazkur kelishuvlar mamlakatimizda energiya samaradorligi bo‘yicha ilg‘or jahon tajribalari asosida hududiy infratuzilmani barqaror rivojlantirish va energiya samaradorligini oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.