Valyuta kurslari 26/06/2025
$1 – 12531.78
UZS – 0,61%
€1 – 14538.12
UZS – 0,53%
₽1 – 159.82
UZS – 0,92%
Qidirish
Iqtisod 24/02/2025 O‘zbekiston hukumati konlarni xitoylik kompaniyalarga bergani haqidagi mish-mishlarni rad etdi

O‘zbekiston hukumati konlarni xitoylik kompaniyalarga bergani haqidagi mish-mishlarni rad etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatidagi 31 ta kon uchastkasi xitoylik kompaniyalar tomonidan sotib olingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq Yer qaʼri resurslaridan foydalanish markazi ushbu maʼlumotni rasman rad etdi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, 2025 yil fevral oyida E-auksion platformasi orqali umumiy qiymati 25,1 milliard so‘m bo‘lgan 31 ta oltin kon uchastkalari sotilgan. O‘zbekistonning «Yer qaʼri to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq, yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga faqat mamlakatda davlat ro‘yxatidan o‘tgan yuridik shaxslar yoki fuqarolar ega bo‘lishi mumkin.

Shu talab asosida elektron auksion g‘oliblari sifatida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan 12 ta kompaniya aniqlangan. Ularning baʼzilari to‘liq O‘zbekiston fuqarolariga tegishli, boshqalarida esa mahalliy taʼsischilarning ulushi o‘rtacha 70% ni tashkil qiladi. Shu bilan birga, to‘liq xorijliklarga, jumladan, xitoylik investorlarga tegishli bo‘lgan hech qanday kompaniya auksion orqali konlarni o‘zlashtirish huquqini qo‘lga kiritmagan.

Rasmiy bayonotda taʼkidlanishicha, yer qaʼri uchastkalari foydalanish uchun uch yilga beriladi va ularni mulk sifatida rasmiylashtirish imkoniyatini bermaydi. O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, tadbirkorlar faqat yuzaga yaqin joylashgan foydali qazilmalarni qazib olishlari mumkin, shuningdek, geologik-qidiruv ishlari davomida buzilgan hududlarni qayta tiklash majburiyatini o‘z zimmalariga olishlari shart.

Shuningdek, yer qaʼri foydalanuvchilariga belgilangan majburiyatlar yuklangan, jumladan, ishchi kuchining kamida 70% O‘zbekiston fuqarolaridan iborat bo‘lishi talab qilinadi.

Ushbu hududlarda qimmatbaho metallar qazib olish sanoat miqyosida emas, balki tadbirkorlik faoliyati doirasida amalga oshirilmoqda, chunki yirik sanoat qazib olish ishlarini olib borish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas. Kon uchastkalarini xususiy biznesga berishdan maqsad – soha shaffofligini taʼminlash va davlat byudjetiga daromad keltirishdir.

Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan qazib olingan qimmatbaho metallarning 49,5%idan tushgan daromad mahalliy byudjetlarga yo‘naltiriladi, bu esa hududlarni kompleks rivojlantirishga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling