O‘zbekiston gumanitar yordam doirasida Afg‘onistonga urug‘lik mahsulotlar partiyasini yetkazib berdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi sohasi vakillariga gumanitar yordam sifatida qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘liklari yuborildi.
Qo‘shni mamlakatni qo‘llab-quvvatlash doirasida mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilgan 5 tonna paxta urug‘i topshirildi, bu 200 gektar maydonda ekin ekish imkonini beradi. Shuningdek, 100 gektar maydon uchun yetarli bo‘lgan 20 tonna sholi urug‘i, 25 gektar uchun 500 kg mosh urug‘i, 600 kg poliz ekinlari urug‘i va 187 kg sabzavot urug‘lari ham taqdim etildi.
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi maʼlum qilishicha, ushbu yordam Afg‘onistonda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq joylarda bandlik darajasini oshirish va zamonaviy agrar texnologiyalarni joriy etishga ko‘maklashish maqsadida amalga oshirilgan.
Avvalroq, aprel oyida, Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vaziri Otaullo Umar boshchiligidagi delegatsiya Toshkent viloyatining Zangiota va Yangiyul tumanlaridagi agrar korxonalar, hamda Samarqand viloyatidagi agroklasterlarga tashrif buyurib, O‘zbekistonning agrar sohadagi tajribasi bilan tanishgan edi.
Shuningdek, joriy yil mart oyida ham O‘zbekiston Navro‘z va Ramazon hayiti munosabati bilan Afg‘onistonga qariyb 200 tonna oziq-ovqat mahsulotini o‘z ichiga olgan gumanitar yordam yo‘llagan edi.