O‘zbekiston GANS bilan aviadispetcherlarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Aviadispetcherlarini tayyorlashda BAAning GANS o‘quv markazi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Respublika Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
GANS — aviadispetcherlar va aeronavigatsiya mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan, ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda yuqori darajadagi kasbiy tayyorgarlikni ta’minlovchi yetakchi o‘quv markazidir.
Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish doirasida "Uzaeronavigatsiya" Markazi DUK delegatsiyasi Abu-Dabidagi GANS o‘quv markaziga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Markaz vakillari o‘quv jarayonini tashkil etish va aviadispetcherlarni o‘qitishning ilg‘or usullari bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuv natijasida hamkorlik memorandumi, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.