O‘zbekiston fuqarosi Istanbulda ayolni uning roziligisiz suratga olgani uchun qo‘lga olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 13 aprel kuni O‘zbekiston fuqarosi Istanbulda metro xizmatida Turkiya fuqarosi bo‘lgan ayolni uning roziligisiz suratga olganidan so‘ng qo‘lga olindi. Ayol bu haqda huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan va mazkur holat bo‘yicha erkakka nisbatan tergov harakatlari boshlangani haqida O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi maʼlum qildi.
Erkakning harakatlari xususiy hayot daxlsizligi buzilishi sifatida baholangan. Natijada, uning ishlash ruxsati bekor qilindi va unga nisbatan maʼmuriy choralar, jumladan majburiy deportatsiya qilish tartibi qo‘llanilmoqda.
Bosh konsulxona taʼkidlashicha, O‘zbekiston diplomatlari aralashuvi tufayli u jinoiy javobgarlikka tortilmagan.
Shuningdek, turk qonunchiligiga ko‘ra, boshqa shaxslarni, ayniqsa ayollarni, ularning roziligisiz suratga olish yoki videoga olish qatʼiy taqiqlangani va bunday huquqbuzarlik Turkiya Jinoyat kodeksining 134-moddasiga asosan ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi eslatib o‘tildi.