O‘zbekiston fuqarolariga Turkiyaga faqat rasmiy yo‘llar orqali ishlash uchun chiqish tavsiya qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Turkiyada ishga joylashish jarayonida avj olgan firibgarlik holatlari borasida fuqarolarni ogohlantirdi.
Konsulxona maʼlumotlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda o‘zbekistonliklarga go‘yoki yuqori maosh, yaxshi shart-sharoit, yashash joyi va rasmiy hujjatlar bilan taʼminlangan ish taklif etilayotgan holatlar ko‘paygan. Amalda esa ko‘plab fuqarolar maosh bermaslik, og‘ir va haqoratli mehnat sharoitlari, hamda ularning mehnatidan noqonuniy foydalanish holatlariga duch kelmoqda.
Ishlash ruxsatnomasisiz faoliyat olib borish jarima va deportatsiyaga olib keladi. Odatda, vositachilar ishchilar Turkiyaga yetib kelganidan so‘ng, pullarni olib, aloqani uzishadi.
Asosiy muammo — rasmiy mehnat shartnomalarining yo‘qligi bo‘lib, bu firibgarlarni javobgarlikka tortishni qiyinlashtiradi.
Shu munosabat bilan, konsulxona Turkiyaga faqat rasmiy va ishonchli kanallar orqali ishlash uchun chiqishni qatʼiy tavsiya qiladi. Chet elda ishlash uchun ruxsatnomani O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali olish mumkin.