O‘zbekiston elchixonalari Yangi Toshkent qurilishi uchun mutaxassislarni taklif qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiya va Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonalari Yangi Toshkent shahri qurilishida ishlash uchun mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha eʼlon berdi. Diplomatik vakolatxonalarning Telegram-kanallarida mazkur loyihaga qo‘shilishga taklif etuvchi video chop etildi.
Maʼlum qilinishicha, fuqarolarga 20 ming gektar maydonga barpo etiladigan shahar qurilishida ishtirok etish imkoniyati taklif etilmoqda.
Loyiha doirasida xorijda bo‘lgan o‘zbekistonliklar uchun 10 mingta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Qurilish sohasida 38 yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar qabul qilinadi. Jumladan, betonchi, yog‘och usta, gaz va elektr svarkachilari, santexnik, elektrik, hashamatchi, gisht teruvchi va boshqa mutaxassislar talab etilmoqda. Oylik ish haqi bajariladigan ishlar xarakteri va hajmiga qarab belgilanadi va o‘rtacha 8—15 million so‘mni tashkil qiladi. Hodimlar uy-joy, maxsus kiyim, transport va uch mahal ovqat bilan taʼminlanadi. Shuningdek, rasmiy ishga joylashgan ishchilar kunlik 8 soatlik ish rejimi va qo‘shimcha dam olish kunlariga ega bo‘ladi.
Qurilish brigadalari ham ish hajmiga qarab buyurtmalar olish va ularni kelishuv asosida bajarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ishga joylashish va qo‘shimcha maʼlumot olish uchun Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining koll-markaziga murojaat qilish mumkin. Xorijda bo‘lgan fuqarolar uchun maxsus “doimiy aloqa liniyas”i (hotline) 0 800 000 11 76 raqamida ishlaydi. O‘zbekistondagi fuqarolar esa 1176 raqamiga murojaat qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil mart oyida Prezident Yangi Toshkent qurilishini boshlab, ramziy kapsula qo‘ygan edi.
Kutilganidek, Yangi Toshkent taxminan 1 million aholini o‘z ichiga olishi mumkin. Bu yerda davlat idoralari, universitetlar va boshqa muhim obyektlar joylashadi.
Loyihaning birinchi bosqichida 11 ta ko‘p tarmoqli turar-joy majmualari, shuningdek, mehmonxonalar va restoranlar qurilishi olib borilmoqda. Bu qurilishlarning umumiy qiymati 490 million dollarga baholangan.